Prezident Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi

16.10.2024
Поделиться:

Kunikecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga amaliy tashrif bilan keldi. Xususan, Olmaliq shahrida «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish va uning negizida uchinchi misni boyitish fabrikasi (3-MBF) qurilishining borishi bilan tanishdi, shuningdek, to‘rtinchi misni boyitish fabrikasi qurilishiga start berdi. Tashrif xaritasidagi yana bir nuqta Yangiyo‘l tumanidagi Enter Steel zavodi bo‘ldi.

 
 

Davlatimiz rahbari Enter Engineering kompaniyasi mutaxassislari tomonidan 3-MBFda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining borishi bilan atroflicha tanishdi, shuningdek, bo‘lg‘usi korxonaning iqtisodiy samaradorligi, bu yerda joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar va ish jarayonlaridagi innovatsiyalar haqida ma’lumot berildi.

 
 

3-MBFda «Yoshlik-1» konida qazib olinayotgan rudadan qimmatli mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, Olmaliqda misning yalpi zaxirasi 45 million tonna, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ortiq bo‘lib, bu jahondagi eng yirik ko‘rsatkichlardan biridir.

 
 

Birinchi bosqichda zavod yiliga 60 million tonnagacha rudani qayta ishlaydi. Bu 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden kontsentrati ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunda 5 ming 600 kishi ish bilan ta’minlanadi. Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi, bu dastlabki ko‘rsatkichdan 3 barobar ko‘pdir. Natijada 2028-yilga borib, korxona yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, loyiha sanoatning turdosh tarmoqlari rivojiga yo‘l ochdi. Masalan, fabrika qurish uchun metall konstruksiyalarni ishlab chiqaruvchi zavodlar ishga tushirildi, yangi kadrlar tayyorlash tizimi yaxshilanmoqda, ijtimoiy infratuzilma kengaymoqda.

 
 

Shuningdek, 4-misni boyitish fabrikasi qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari ramziy tugmani bosdi va shu bilan loyihaning ikkinchi bosqichi boshlandi.

 
 

Eng zamonaviy va xavfsiz texnologiyalar joriy etiladigan korxona ishga tushirilgach, yiliga 146 ming tonna katod mis, 13 tonna oltin va 73 tonna kumush ishlab chiqiladi. 4-MBF va uning infratuzilma obyektlarida 3 ming kishi uchun ish o‘rinlari yaratiladi. Loyihaga Italiyaning «Wood» va Buyuk Britaniyaning «Worley Parsons» kompaniyalari jalb qilingan.

 
 

Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev Enter Steel zavodiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishgandi. Bu yerda metall konstruksiyalar, yuqori bosimli rezervuarlar, yuk ko‘taruvchi kranlar, burg‘ulash uskunalari, payvandlash elektrodlari, metall eshiklar, elektr shitlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Sexlar Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Niderlandiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan. Korxona 1500 kishini ish bilan ta’minlashi mumkin.

 
 

Enter Steel kompaniyasida zarur mutaxassislarni tayyorlashga katta e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda «AMALIY MONOMARKAZ» tashkil etilgan bo‘lib, uning o‘quv xonalari va laboratoriyalari zavoddagi kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Markazning o‘quv dasturi Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

 
 

 

Biz ham tavsiya qilamiz